SHOHI ZINDA MAJMUASI
Samarqanddagi me’moriy yodgorlik. Afrosiyob tepaligi janubida joylashgan qabristondagi maqbaralardan iborat. Ularning eng qadimiysi Qusam ibn Abbos maqbarasi.
Qusam ibn Abbos Muhammad (s.a.v.)ning amakisi Abbos ibn Muttalibning o‘g‘li. Qusam ibn Abbos maqbarasi atrofida mo’tabar kishilar dafn qilingan. Tabg‘och Bug‘ro madrasasi qad ko‘targan. XIII asrda mo‘g‘ullar istilosi davrida Afrosiyob vayron bo‘lgach, xalq bu yerni tark etgan. Amir Temur va Ulug‘bek davrida bu yerda qurilish ishlariga ahamiyat berilgan. Arxeologik qazishmalardan aniqlanishicha, Afrosiyobning qadimiy qal’a devori yonbag‘rida qilingan zina XVIII asrda vayron bo‘lgan, keyinchalik 40 pog‘onali g‘ishtin yangi zina va chortoq qurilgan, bular hozirgacha saqlangan.
Shohi Zinda ansamblidagi inshoatlarning ko‘pchiligi XIV asrga taalluqli. Ansamblning bosh darvozasi janubda ko‘chaga qaratib qurilgan. Darvozaxonani Ulug‘bek hijriy 838 (milodiy 1434–35) yili o‘g‘li Abdulazizga atab qurdirgan. Shimol tomondan peshtoq va chortoqqa tutash kichik madrasa hijriy 1228 (milodiy 1812–13) yili Samarqand hokimi tomonidan qurdirilgan. Katta zina oldida ikki gumbazli maqbara Temur xonadoniga mansub O‘ljaoyim qabri ustiga tiklangan. Zinadan ikkinchi chortoq va dahlizga chiqiladi. Bu yerda 1375–76 yillarda To‘g‘li Tekin maqbarasi qurilgan. Ikkinchi maqbara Amir Temurning singlisi Shirinbika Oqa maqbarasidir. Uning qarshisida Amir Temurning opasi Turkan Oqa maqbarasi mavjud. Nasaf(Qarshi)lik usta Ali qurgan maqbara, Amir Temurning xotini Tuman oqa qurdirgan bir guruh binolar (masjid-xonaqoh, maqbara, chortoq) yaqinida usta Muhammad Shayx ibn Hojibek Tabriziy tomonidan 1405–1406 yillari qurilgan Tuman oqa maqbarasi bor.
1398–99 yillari usta Yusuf Sheroziy ishlagan ikki tabaqali qayrag‘och eshikdan XVI asrda qurilgan jome’ masjidiga kiriladi. Samarqandda yagona va yaxshi saqlangan, XI–XII asrlarda qurilgan minora ham diqqatga sazovor. Minoraning ichida mezanaga olib chiqadigan zina bor. XI asr oxirlarida qurilgan Qusam ibn Abbos maqbarasi ikki bino: go‘rxona va masjiddan iborat. Umuman, bir necha maqbara va masjidlardan tashkil topgan Shohi Zinda (Tirik shoh) ansambli tarkibidagi 20dan ortiq inshoat xalq san’atining noyob durdonasi sifatida davlat muhofazasiga olingan.
_________________
İlim servetten daha kıymetlidir. Çünkü, serveti sen korursun, halbuki ilim seni korur. Hz.Ali r.a.
|