Uchinchi asos mujohada bo‘lib, u shayton, dunyo va yomonlikka buyuruvchi nafs singari botiniy dushmanlarga qarshi mujohada qilmoq - kurashmoqdir. Shuni bilginki, nafs, shayton va dunyo - din yo‘lidan ozdirish uchun bandaning iroda va ixtiyor yo‘liga g‘ov bo‘lib o‘tirib olishgan. Shayton vasvasa qilib, gunoh ishlar qilishga da’vat etadi, nafs hiyla-nayrang orqali fisqu fasodga chaqiradi. Dunyo esa ko‘z oldingda o‘ziga oro berib, jilvalanadi, o‘ziga xizmat qilishga chorlaydi. Mujohada sening ixtiyor va irodang o‘rin olgan ko‘ngil darvozasiga o‘tirib, muroqabaga da’vat qiladi. Qalbga kelgan fikr-xotiralar agar gunoh bo‘lsa, shaytondan kelayotganini anglab, uni daf qilishga mashg‘ul bo‘ladi, ya’ni, sadoqat va huzur bilan Allohning dargohiga iltijo qiladi. Banda Alloh taoloning dargohidan madad so‘rashni o‘ziga qalqon qilib, shaytonga qarshi turadi. Shu yo‘l bilan inson gunoh qilishdan saqlanadi va shayton daf bo‘ladi. Agar qalbga kelayotgan fikr nafsoniy rohat va istaklardan iborat shahvoniy xotira bo‘lsa, Alloh taoloning huzuriga sig‘inib, och qolish, kechasi ibodat qilish, xayrli bir safarga yayov chiqish yoki xalq orasida o‘zini malomat qiluvchi, ommaning nafratiga sazovor etuvchi bir ish sodir etadiki, bu orqali nafsiga or, nafrat va malomat keltiradi. Zero, dushmanni bir marta yengib, qurolini qo‘lidan tortib oldingmi, endi u bilan kurashish oson kechadi.
Oriflar sultoni Boyazid Bastomiy hazratlaridan: «Alloh taolo bu yo‘lda boshingizga solgan eng katta balo qanday edi?», — deb so‘rashdi. «Aytsam, eshitishga toqat qilolmaysizlar», — deya javob berdi u. «Hech bo‘lmasa, eng kichik balo qanday edi?»—deb takror so‘raldi. U yana: «Eshitishga toqat qilolmaysizlar», — dedi. Yana: «Sizning o‘zingizga yetkazgan eng kichik balo nima edi?» — deb so‘raganlarida, nihoyat: «Nafsimni bo‘ysundirishga harakat qildim, bo‘ysunmadi. Men esa bir yil mobaynida uning aytganlarini qilmay qo‘ydim», —dedi. Demak, ulug‘ mashoyixlar ayttanlarki, «Agar bir yuz yigirma to‘rt ming payg‘ambarni o‘z nafsingga shafe’ keltirsang-u, o‘zingdan astoydil biron-bir harakat bo‘lmasa, hech foydasi yo‘q. Bilginki, nafsingni och-nahor va yalang‘och tashlab qo‘ysang, barcha xohishlaring amalga oshaveradi».
_________________
İlim servetten daha kıymetlidir. Çünkü, serveti sen korursun, halbuki ilim seni korur. Hz.Ali r.a.
|